Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 11-март 2026, 05:48
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Bektemir tumani 291 - sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining NIZOMI

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Ustav 291-sonli informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining (keyingi o‘rinlarda-ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi) faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni va boshqa qonunlariga,O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, Xalq ta’limi vazirining buyruqlari hamda tegishli tartibda ro‘yxatga olingan mazkur Ustaviga amal qiladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar   Prezidentining 2020-yil 6- oktabrdagi  “Axborot  texnologiyalari sohasida  ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni va ularni  IT-industriya bilan integratsiya qilish chora – tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-4851-sonli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida»gi 140-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida Nizom», Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat umumta’lim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflari, davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari to‘g‘risida Nizom”, Toshkent shahar hokimining 2021 yil 7 iyundagi “Toshkent shaharida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo va biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, xorijiy tillar hamda fizika fanini chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktablar va sinflar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 673-sonli qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
3. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, u o‘quvchi yoshlarga I-XI sinflar hajmida davlat ta’lim standartlari asosida fan asoslaridan umumiy o‘rta ma’lumot beruvchi majburiy ta’lim muassasasidir.
4.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z Ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga (davlat ta’lim muassasalari uchun), bank hisob raqamlariga, o‘z nomi ko‘rsatilgan muhrga (davlat umumta’lim muassasalarining muhrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega bo‘ladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi nomidan shartnomalar tuzish, mulkiy huquqlarga ega majburiyat olish, sud, arbitraj idoralarida da’vogar va javobgar bo‘lish majburiyatini qonun hujjatlariga muvofiq tuman xalq ta’limi bo‘limi oladi.
5.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining Ustavi umumta’lim muassasasi pedagogik kengashida qabul qilinadi,tuman xalq ta’limi bo‘limida tasdiqlanadi va vakolatli davlat organida ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
6. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshiriladi.
O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb yuritiladi) ehtiyojidan kelib chiqib, bolalarning ta’lim-tarbiyasiga ko‘maklashish maqsadida umumta’lim muassasasida qo‘shimcha pullik ta’lim xizmatlari tashkil etilishi mumkin.
7.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida ta’lim olish tilini tanlash O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimiga kiritilgan Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi Chilonzor tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Maktabning to‘liq nomi:291-sonli informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi, qisqartirilgan nomi 291- IATFCНO‘IUM.
9. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining yuridik manzili: Toshkent shahri, Bektemir  tumani,“Suvchi” dahasi.

2-bob. Umumiy o‘rta ta’limning maqsadi va vazifalari

10. Umumiy o‘rta ta’lim umumta’lim o‘quv dasturlarini, zarur bilim, malaka hamda ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan.
11. Umumiy o‘rta ta’lim berishda ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini ta’minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish;
o‘quvchilarda milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o‘z oilasiga, Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
o‘quvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta’lim-tarbiya olishlari, ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilishlari va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib berish.
12. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi umumiy o‘rta ta’limning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun zarur tashkiliy, o‘quv-uslubiy, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik ta’lim-tarbiya muhitini yaratib beradi.

3-bob. Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish

13. Umumiy o‘rta ta’lim boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar), tayanch o‘rta ta’lim (V-IX sinflar), o‘rta ta’lim (X-XI sinflar) bosqichlaridan iborat bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
14. Boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar) ta’lim oluvchilarda umumiy o‘rta ta’limni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, malaka va ko‘nikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
15. Tayanch o‘rta ta’lim (V-IX sinflar) – o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
Shuningdek, tayanch o‘rta ta’lim o‘quvchilarga yo‘nalishni ixtiyoriy ravishda tanlash asosida ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining X-XI sinflarida yoki akademik litsey va kasb-hunar maktablarida ta’limni davom ettirish huquqini beradi.
Tayanch o‘rta ta’lim doirasida (VII sinfdan so‘ng) ta’lim oluvchilarda kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ularni professional tashxislash va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.
O‘rta ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalar o‘zlashtirilishini, shuningdek ta’limning keyingi turi tanlanishini hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblar egallanishini ta’minlaydi.
16. Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
17. Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirishga qaratiladi.
18. Tayanch o‘rta ta’lim bilimlarning zaruriy hajmini beradi, mustaqil fikrlash, ta’lim dasturi mazmuniga mos qobiliyat va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
O‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, umumta’lim dasturlarini o‘zlashtirish asosida o‘quvchilarda ijtimoiy hayot uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash, kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltiradi hamda ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi. 
19. Umumiy o‘rta ta’lim (X-XI sinflar) – umumta’lim dasturlarini o‘zlashtirish asosida o‘quvchilarda ijtimoiy hayot uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash, kompetensiyalarni shakllantirish hamda ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
Umumiy o‘rta ta’lim – ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi bitiruvchilariga yo‘nalishni ixtiyoriy ravishda ta’limni kollejlar, texnikumlar va oliy ta’lim muassasasida davom ettirish huquqini beradi.
20. Tibbiy komissiya xulosasiga asosan bolalarga yakka tartibda uyda ta’lim berish tashkil etilishi mumkin.
21. Umumta’lim muassasasida sinfdan tashqari mashg‘ulotlar va to‘garak ishlari o‘quvchilar ota-onalar xohish istaklarini, o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatini hisobga olgan holda o‘tkaziladi.

4-bob. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni

22. O‘quv yili ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida tegishli yilning 2 sentyabridan kelgusi yilning 25 mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.
23. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
o‘quv yilining davomiyligi - 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);
o‘quv haftasining davomiyligi - 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga ko‘ra I sinflar uchun 5 kun etib belgilanishi mumkin);
dars mashg‘ulotining davomiyligi - 45 daqiqa;
dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi - 5 - 10 daqiqa (o‘quv kuni o‘rtasidagi tanaffusning davomiyligi - 15 - 30 daqiqa).
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan dars mashg‘ulotlarining mavzulari o‘quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi.
24. O‘quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:
kuzgi ta’til - 4 noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;
qishki ta’til - 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
bahorgi ta’til - 21 martdan boshlab 7 kalendar kun;
yozgi ta’til - oxirgi bosqichli nazorat sinovi o‘tkazilgan kundan (bosqichli nazorat o‘tkazilmaydigan sinflar uchun o‘quv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1 sentabrgacha.
Ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.
I sinf o‘quvchilari uchun fevral oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.
25.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida yozgi ta’til kunlari kunduzgi oromgohlar va maydonchalar tashkil etilishi mumkin.
26. Belgilangan me’yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining sinflari to‘liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
27. Malakali o‘qituvchilar yetarli bo‘lgan quyidagi hollarda sinfdagi o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib o‘qitishga ruxsat etiladi:
o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining I - IX sinflarida «Chet tili» fani, ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida ixtisoslashgan fanlar, V - IX sinflarda «Informatika» va «Mehnat ta’limi», VIII - IX sinflarda «Jismoniy tarbiya», ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining II - IX sinflarida «O‘zbek tili» fani hamda ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining II - IX sinflarida «Rus tili» fani bo‘yicha.
28. O‘quvchilarning sifatli bilim olishini va ularni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga mos holda o‘qitish natijalarini nazorat qilishni ta’minlash maqsadida umumta’lim muassasasida quyidagi nazorat turlari olib boriladi:
joriy nazorat - o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini muntazam ravishda nazorat qilish uchun so‘rovlar, nazorat ishlari yoki testlar ko‘rinishida o‘tkaziladi;
oraliq nazorat - chorak yakunida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun o‘quv dasturining bir qismi tugaganda amalga oshiriladi va u yozma nazorat ishi yoki testlar ko‘rinishida olib boriladi;
bosqichli nazorat - o‘quv yili tugaganda og‘zaki, yozma imtihon hamda test sinovlari ko‘rinishida amalga oshirilib, unga asosan o‘quvchining yakuniy bahosi, reytingi aniqlanadi va o‘quvchini keyingi sinfga o‘tkazishga qaror qilinadi;
yakuniy nazorat - umumiy o‘rta ta’lim tugaganidan so‘ng yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida o‘tkaziladi.
«Chet tili» fanidan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi xalqaro baholash tizimi asosida aniqlanishi mumkin.
29. Umumta’lim muassasasining V-VIII va X sinf o‘quvchilari tegishli fanlardan bosqichli nazoratlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan so‘ng keyingi sinfga o‘tkaziladi.
30. Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi qarori asosida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining bilan o‘quvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazoratdan ozod etilishi mumkin.
Ularning bilimlarini yakuniy baholash va reytingini aniqlash yillik baholar asosida amalga oshiriladi.
31. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining IX sinfini tugatgan o‘quvchilarga davlat namunasidagi tayanch o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnoma, VIII-IX sinflardagi o‘qishi davrida faqat a’lo ko‘rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo‘lgan, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvuvchilarga esa a’lo darajali shahodatnoma beriladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining XI sinfini tugatgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat, X-XI sinflardagi o‘qishi davrida faqat a’lo ko‘rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo‘lgan, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga esa a’lo darajali attestat beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining IX sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnoma mavjud, X-XI sinflardagi barcha fanlardan choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan XI sinf bitiruvchilariga oltin medal beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining IX sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnoma mavjud, X-XI sinflardagi barcha fanlardan yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan XI sinf bitiruvchilariga kumush medal beriladi.
32. Davlat ta’lim standartlari doirasida umumta’lim dasturlarini mustaqil o‘zlashtirgan o‘quvchilarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish huquqi beriladi. Yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga davlat namunasidagi attestat beriladi.

5-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish va tashkil etish

34. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasasiga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida amalga oshiriladi.
35. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi direktori va uning o‘rinbosarlari mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
36. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining I sinfiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maktab yoshidagi bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
37. Bolalarni ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining I sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:
-ota-onalar tomonidan ixtisoslashtirilgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;
-ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);
-bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
-bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
-bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
38. Bolalarni ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining I sinfiga qabul qilish “Bolalarni davlat umumta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” asosida amalga oshiriladi.
39. Maktab yoshiga yetgan bolalar ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining I sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlov asosida qabul qilinadi.
40. O‘qishga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari ixtisoslash-tirilgan umumta’lim muassasasi ustavi, ichki tartib-qoidalari va ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirilishi lozim.
41. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi rahbariyati har yili iyun-avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur choralarni ko‘radi.
42. Xorijiy fuqarolarni umumta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6-bob. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasini tashkil etish tartibi

43. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi muassis tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi.
44. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (respublika muassasasi uchun), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining muassislari bo‘lishi mumkin.
45. 
Umumta’lim muassasasi  informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilganumumta’lim maktabidir.
46. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasini akkreditatsiya qilish attestatsiya asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
47. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish hamda ota-onalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish Komissiyasi tuziladi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi).
Komissiya tarkibi 5 nafardan kam bo‘lmagan toq miqdorda tashkil etilib, uning tarkibiga ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi (ixtisoslash-tirilgan sinfi mavjud umumta’lim maktab) bosh direktori, tegishli ta’limni boshqarish organi vakili, umumta’lim muassasasi o‘qituvchilari hamda ota-onalarning vakillari kiritiladi.
Farzandlari ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha sinovda qatnashayotgan shaxslar komissiya tarkibiga kiritilmaydi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumta’lim maktab) bosh direktori Komissiya raisi hisoblanadi.
48. Ixtisoslashtirilgan sinflar umumta’lim maktablarida ta’limning 5-sinfidan boshlab ayrim sinflarni ixtisoslashtirilgan sinflarga aylantirish yo‘li bilan ularning umumiy soni doirasida tashkil etiladi. 
O‘quv yili tamom bo‘lgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan 4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tegishli fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovi natijalari asosida ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etiladi va o‘quvchilar shu asosda qabul qilinadi.
49. Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar ta’limning 5-sinfidan boshlab sinflarni ixtisoslashtirilgan sinflarga aylantirish yo‘li bilan ularning umumiy sonidan ortib ketmagan doirada tashkil etiladi.

7-bob. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining asosiy vazifalari va funksiyalari

50. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
umumiy o‘rta ta’limning chuqurlashtirilgan fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning davlat ta’lim standartlari talablaridan oshadigan chuqur ta’lim tayyorgarligini ta’minlash;
o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;
har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
professional dastur ta’limlarini ongli tanlash va keyinchalik o‘zlashtirish uchun asos yaratish.
51. Yuklangan vazifalarni bajarish uchun ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
respublika aholisining bolalarni ixtisoslashtirilgan chuqur o‘qitishga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash;
o‘quvchilarning qobiliyatlari, qiziqishlarini hisobga olgan holda umumiy va ixtisoslashtirilgan shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitishning ta’lim dasturlarini amalga oshirish;
o‘quvchilarning iqtidori va kamol topishi dinamikasining psixologik-pedagogik diagnostikasini amalga oshirish;
ta’limning uzviyligi va uzluksizligi asosida intensiv intellektual rivojlantirishni, chuqurlashtirilgan ixtisoslashtirilgan o‘qitishni ta’minlash;
asosiy va qo‘shimcha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va ular integratsiyasini amalga oshirish, loyihadagi o‘qitishga o‘tgan holda ta’lim jarayonini individuallashtirish va tabaqalashtirish;
ta’lim jarayoniga innovatsiya, pedagogika va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
o‘quvchilarning ma’lumoti darajasi oshishiga, samarali tayyorlanishiga, oliy ta’lim muassasasiga kirishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish;
o‘quvchilarning respublika va xalqaro seminarlar, konferensiyalar, festivallar va boshqa intellektual-ijodiy tadbirlarda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni fanlar olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash;
o‘quvchilarning ilmiy guruhlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

8-bob. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish

52. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, o‘qitishning qancha davom etishi va muddatlari o‘quv rejalari, dasturlar, kalendar o‘quv jadvali, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining tegishli normativ hujjatlari va umumta’lim muassasasining ustavi bilan tartibga solinadi.
Ta’lim berish an’anaviy, onlayn platforma va masofadan o‘qitish tizimi orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining qabul kvotasini belgilaydi.
53. Ta’lim jarayoni ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan maktablarda 5-11-sinflarning maxsus o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi. 
O‘quvchilarni 1-sinfdan boshlab o‘qishga qabul qiladigan umumta’lim muassasasida ixtisoslik fanlarini chuqur o‘rganish 5-sinfdan boshlanadi. 
54. 5-11-sinflarda o‘quv-tarbiya jarayoni ixtisosli fanlarning asosiy kursining chuqurlashtirilgan mazmuni o‘rganilishini va ularning amaliy yo‘naltirilganligi kuchaytirilishini, shuningdek o‘quvchilar shaxsi, ularning mayllari, manfaatlari va ijtimoiy jihatdan o‘zlarini belgilashga qobiliyatlari qaror topishi va shakllanishining shart-sharoitlarini ta’minlaydi. Bunda o‘quvchilarning individual xususiyatlari va iste’dodi namoyon bo‘lishi va rivojlanishi dinamikasi o‘rganiladi.
55. Ta’limning mazmuni mayllar va shakllangan manfaatlar hisobga olingan holda kasb-hunar ta’limi dasturlarini, bilimlarning alohida sohalarini ongli ravishda tanlash va o‘zlashtirishga tayyor bo‘lgan har tomonlama intellektli, tadqiqot mehnati ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxsni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
56. Ta’lim jarayoni shaxsga yo‘naltirilgan yo‘nalishga ega bo‘ladi, o‘quv-tarbiya jarayonining har xil turlariga an’anaviy va noan’anaviy yondashish birga qo‘shib olib boriladigan o‘qitish va tarbiyalashning ixcham shakllarining keng doirasiga ega bo‘ladi.
57. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi sinflari soni ta’lim jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan sanitariya normalari va qoidalariga qarab belgilanadi.
58. Ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quvchilar soni 30 kishidan ortiq bo‘lmasligi kerak. 
59. Laboratoriya ishlari va amaliy ishlarni bajarish, shuningdek ayrim fanlarni chuqur o‘rganish uchun sinflarni ixtisoslashtirilgan fanlar bo‘yicha o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lishga yo‘l qo‘yiladi.
60. Keyingi sinflarga o‘tkazish va o‘qitish bosqichlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan muddatlar va tartibda o‘quvchilar bilimlarining yakuniy attestatsiyasi natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.
61. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi bitiruvchilariga umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.

9-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining huquqlari va javobgarligi

62. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha mualliflik o‘quv dasturlarini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi bilan kelishgan holda mustaqil ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan bazaviy o‘quv rejasi asosida maxsus o‘quv rejasini ishlab chiqish va uni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi bilan kelishgan holda tasdiqlash;
yillik kalendar o‘quv jadvali va mashg‘ulotlar jadvalini ishlab chiqish;
ta’lim va tarbiyaning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan turli shakllari, vositalari va usullarini qo‘llash;
o‘z ustav faoliyatini amalga oshirish uchun moliyaviy mablag‘lar va moddiy resurslarning qo‘shimcha manbalarini jalb etish;
ta’lim olayotganlarni oraliq attestatsiyadan o‘tkazish shakllari, tartibi va davriyligini mustaqil tanlash.
63. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi belgilangan tartibda:
o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi;
ta’lim sifati hamda o‘quv rejasi va o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq ta’lim dasturlari to‘liq hajmda amalga oshirilishi;
ta’lim jarayonini tashkil etishning qo‘llanilayotgan shakllari, usullari va vositalarining o‘quvchilarning yosh bilan bog‘liq psixofiziologik xususiyatlari, mayllari, qobiliyatlari, qiziqishlariga, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish talablariga muqobilligi;
o‘quvchilarning moslashishi va o‘zlashtirishi;
o‘quvchilar va xodimlarning huquqlariga rioya qilinishi uchun javob beradi.

10-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish va boshqarish

64. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor bevosita rahbarlik qiladi.
Umumta’lim muassasasi direktori muassasaning tashkiliy-huquqiy, o‘quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining tashkil etilishiga bevosita mas’ul hisoblanadi.
Umumta’lim muassasasi direktori har chorakda kamida bir marta o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tegishli fuqarolar yig‘iniga taqdim etadi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi direktorini va uning o‘rinbosarlarini lavozimidan ozod etish mehnat qonunchiligiga asosan amalga oshiriladi.
65. Direktorga nisbatan quyidagi asosiy malaka talablari qo‘yiladi:
ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun — ta’lim sohasida kamida 5 yil pedagoglik va 10 yil umumiy ish staji mavjudligi;
davlat tilini bilish;
tashkilotchilik qobiliyati, ijodiy tafakkurga egalik, bolalar va katta yoshdagilarning yosh va shaxs bilan bog‘liq psixologiyasini bilish;
kompyuter texnologiyalarini va o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallaganlik;
umumta’lim dasturlari va o‘quv qo‘llanmalari yaratishda metodik ishlanmalar va tajriba mavjudligi.
66. Direktor ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi nomidan ish ko‘radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi mol-mulkini tasarruf etadi va shartnomalar tuzadi. 
67. Direktor:
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi hamda unga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning javobgarligi darajasini belgilaydi;
o‘z vakolatlari doirasida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasining barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
xalq ta’limi tegishli organlari ko‘rib chiqishi uchun moddiy-texnika bazani mustahkamlash, o‘quv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi faoliyatining boshqa masalalari bo‘yicha takliflar kiritadi;
pedagog xodimlar va boshqa xodimlar, shu jumladan ichidagi maktablar barcha xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi;
o‘quvchining reyting va akademik o‘zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda, ushbu o‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida taqdimnomani tegishli voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga kiritadi; 
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
68. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi direktori attestatsiyasi belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
69. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida pedagogika, metodika va kuzatuv kengashlari tuziladi va faoliyat ko‘rsatadi. Ularning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Pedagogik kengash umumta’lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayonining tashkil etilishida oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
Pedagogik kengash tarkibi umumta’lim muassasasi bosh direktori, direktor o‘rinbosarlari va pedagog xodimlardan iborat bo‘ladi. Umumta’lim muassasasining har bir pedagog xodimi ishga qabul qilingan paytdan boshlab pedagogik kengashning a’zosi hisoblanadi.
Umumta’lim muassasasi direktori pedagogik kengash raisi hisoblanadi. Pedagogik kengash kotibi pedagog xodimlar orasidan tayinlanadi.
Pedagogik kengash raisi o‘z vazifasini bajara olmaydigan (kasal bo‘lgan, xizmat safariga ketgan va hokazo) holatlarda uning vazifalari direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
Pedagogik kengash yig‘ilishida umumta’lim muassasasining faoliyatiga oid eng muhim va dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
70. O‘quvchilar, ota-onalar yoki ota-onalarning o‘rnini bosuvchi shaxslar, pedagog xodimlar va boshqa xodimlar ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi ta’lim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘quvchilari bepul umumiy o‘rta ma’lumot olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, turli tadbirlarda (konferensiyalar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar va tanlovlarda) qatnashish huquqiga egadirlar. 
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘quvchilari ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining ustaviga va ichki tartib-qoidalariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilishi shart.
71. Pedagog xodimlarga o‘quv yuklamasi hajmi (pedagogik ish hajmi) o‘quv rejasi bo‘yicha soatlar sonidan, shuningdek kadrlar bilan ta’minlanganlik bo‘yicha belgilanadi.
72. O‘quv yili boshida belgilangan o‘quv yuklamasi hajmi o‘quv yili mobaynida o‘zgartirilishi mumkin emas, o‘quv rejalari bo‘yicha soatlar soni kamayishi yoki sinflar soni qisqarishi hollari bundan mustasno.
73. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi pedagogik jamoa a’zolari o‘qitish yo‘nalishlari (tabiiy, aniq, gumanitar, ijtimoiy va boshqa fanlar) bo‘yicha uslubiy birlashmalarga birlashadilar.

11-bob. O‘quvchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish

74. O‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga tibbiyot muassasasi tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena talablariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikni o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas’uldirlar.
75. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.
76. Kasallikning vaqtli diagnostikasi va profilaktikasi maqsadlarida har bir o‘quv yili boshida ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining o‘quvchilari dispanser ko‘rigidan (to‘liq tibbiy ko‘rikdan) o‘tkazilishi kerak. Rivojlanishning salbiy ko‘rsatkichlari aniqlangan taqdirda o‘quvchilar tibbiy komissiyaning tavsiyasiga ko‘ra yashash joyidagi umumta’lim muassasasiga o‘tkaziladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘quvchilarini har yilgi to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
77. O‘quvchilarni individual psixologik-pedagogik jihatdan qo‘llab-quvvatlash ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining psixologiya, pedagogika xizmati mutaxassislari tomonidan ta’minlanadi.
78. Og‘zaki nutq nuqsonlari va tovush talaffuzida kamchiliklari bo‘lgan o‘quvchilarga korreksion-logopedik yordam berish maqsadida ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida o‘qituvchi-logopedlar (defektologlar) faoliyat yuritadigan logopediya shoxobchasi tashkil etilishi mumkin.

12-bob. Pedagog kadrlar bilan ta’minlash

79. Tegishli oliy ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning umumta’lim muassasasida bu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
80. Pedagog kadrlar belgilangan tartibda malaka oshirish kurslariga jalb etiladi, ularni qayta tayyorlash vakolati vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
81. O‘quv-tarbiya jarayoniga boshqa ta’lim muassasasining o‘qituvchilari, ilmiy tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etilishi mumkin hamda ushbu muassasaning barcha huquqlari, majburiyatlari va imtiyozlari ularga joriy etiladi. 
82. Pedagog kadrlarni ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga ishga qabul qilish oliy yoki birinchi malaka toifasi mavjud bo‘lgan taqdirda oliy pedagogik ma’lumotli shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlovni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
83. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘qituvchilarining (o‘quv fanlari va soatlari bo‘yicha) vazifasini vaqtincha bajarib turish hamda xodimlarining sinfdan tashqari faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
84. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi rahbariyati o‘qituvchilarning obro‘-e’tibori va ijtimoiy maqomini, ularning mas’uliyati va kasb mahoratini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishli ishlarni amalga oshiradi, ularning tizimli ravishda malaka oshirishlari va o‘z ustida ishlashlari, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek yangi o‘quv dasturlari joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

13-bob. Ta’lim jarayoni ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari

85. Quyidagilar ta’lim jarayoni ishtirokchilari hisoblanadi:
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining o‘quvchilari (keyingi o‘rinlarda o‘quvchilar deb yuritiladi);
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining pedagoglari (keyingi o‘rinlarda o‘qituvchilar deb yuritiladi);
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining ma’muriyati (direktor, direktor o‘rinbosarlari);
o‘quvchilarning ota-onalari.
86. O‘quvchilarning huquqlari:
davlat standartlariga muvofiq ixtisoslashtirilgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasida bepul ta’lim olish;
o‘z insoniy qadr-qimmatlarining hurmat qilinishi, vijdon va axborot erkinligini his qilishi, o‘z qarashlari va e’tiqodlarini erkin ifoda etishi;
turli xil ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, seminarlar, anjumanlar, olimpiadalar, ko‘rgazma va tanlovlarda ishtirok etish;
qo‘shimcha (pullik va bepul) ta’lim xizmatidan foydalanish;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
87. O‘quvchilarning burchlari:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, odob-axloq qoidalariga rioya qilish, respublikaning munosib fuqarosi bo‘lish, O‘zbekiston Respublikasining gerbi, bayrog‘i va madhiyasini bilish va hurmat qilish, ular bilan bog‘liq bo‘lgan marosimlarni ado etish;
mazkur Ustav va ixtisoslashtirilgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi ichki tartib-qoidalarni so‘zsiz bajarish;
davlat ta’lim standartlari hajmida umumiy ta’lim olish uchun intilishlari;
maktabga dars jadvali asosida o‘z vaqtida kelishi, barcha darslarda ishtirok etishi, sababsiz dars qoldirmasligi;
o‘quv jarayoni uchun kerak bo‘lgan barcha jihozlarni, kundalik daftari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari, daftarlarini to‘liq olib kelishi;
ushbu Ustavda belgilangan o‘quvchi formasida ixtisoslashtirilgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga kelishi;
o‘qituvchilar tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi;
o‘z bilimi va amaliy ko‘nikmalarini mustaqil ravishda oshirishi va mustahkamlab borishi;
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi va jamoat topshiriqlarini bajarishda faollik ko‘rsatishi;
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi va jamoat mulkini avaylab-asrashi.
88. O‘qituvchilar:
o‘zi dars beradigan fanini yaxshi bilishi va yetarli kasbiy mahoratga ega bo‘lishi;
axloq-odob qoidalariga rioya qilish, o‘quvchilarning hatti-harakatlaridan xabardor bo‘lish;
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi obro‘si, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida faollik ko‘rsatish;
kasbiy pedagogik mahoratini doimo takomillashtirib borishi, ta’lim oluvchilarning o‘quv dasturlarini davlat ta’lim standartlari darajasida o‘zlashtirishlarini ta’minlash;
o‘quvchilar shaxsini hurmat qilishi va ularni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlaridan himoya qilishi;
o‘quvchilarni mavjud qonunlarga, mehnatga, ota-onalarga, ma’naviy, tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida hamda biri-birini hurmat qilish, ahillik va inoqlik ruhida tarbiyalashi;
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi ustavi, ichki tartib qoidalarida belgilangan kiyinish madaniyati talablariga amal qilishi;
mashg‘ulot o‘tkazishga o‘z vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko‘rishi;
belgilangan muddatlarda yoki malaka oshirishga ehtiyoj tug‘ilganda malaka oshirish institutlarida o‘z kasbiy mahoratlarini oshirishi, yosh mutaxassislar esa o‘quv yurtini bitirganlaridan keyin uch yildan so‘ng malaka oshirishdan o‘tishi;
metodik kengash va metod birlashmalarning faoliyatida va boshqa shakldagi uslubiy tadbirlarda ishtirok etishi;
ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi pedagogik kengashi ishida faol ishtirok etishi;
o‘quvchilarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan doimiy aloqada bo‘lishi;
mazkur Ustav, ichki tartib-qoidalarda belgilangan kiyinish madaniyati talablariga amal qilishlari lozim.
89. Ota-onalarning huquqlari:
o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlari uchun ta’lim shakllari, ixtisoslashtirilgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi turi va o‘qitish tilini tanlashi;
ta’lim muassasasi ma’muriyatidan maktab ustavi asosida shart-sharoitlarni yaratish, bolaga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilishi;
ta’lim muassasasida o‘quvchilarning manfaatlariga taalluqli masalalar muhokama qilinayotganda, ushbu muhokamada qatnashishi;
ta’lim muassasasi faoliyatini boshqarishda qonunda belgilangan tartibda ishtirok etishi.
90. Ota-onalarning majburiyatlari:
bolalarning aqlan, jismonan va ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi;
bolaning qadr-qimmatini hurmat qilishi, bolada mehnatsevarlik, yaxshilik, muruvvat tuyg‘ularini, davlat tili va ona tiliga, madaniy qadriyatlarga nisbatan hurmat fazilatlarini tarbiyalashi;
farzandining ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi.
91. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining direktori, direktor o‘rinbosarlarining huquq va majburiyatlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.

14-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘quvchilari va o‘qituvchilari kiyinishiga qo‘yiladigan talablar

92.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘quvchilari uchun yagona maktab formasi hukumat qarori asosida Pedagogik kengash tomonidan belgilanadi.
93. O‘quvchilar tomonidan yagona maktab formasini kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5-15 santimetr pastda bo‘lishi;
o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarining qadalgan bo‘lishi;
kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.
94. O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
95. O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ta’lim muassasasida:
o‘g‘il bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan yoki yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
qiz bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
96. O‘quvchilarning ta’lim muassasasiga maktab formasida kelishlarini ta’minlash uchun ota-onalar mas’ul hisoblanadi.
97. Ta’lim muassasasida o‘quvchilar tomonidan maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilinishi ta’lim muassasasi rahbariyati, sinf rahbarlari, yoshlar yetakchisi va pedagog xodimlar tomonidan nazorat qilib boriladi.
98. Pedagog xodimlar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz, klassik-rasmiy uslubdagi kiyim va pardoz (erkaklar: kostum-shim va galstuk, oq (yoki oqish) rangdagi ko‘ylak, soch va soqol olingan; ayollar: kostum-yubka, oq (yoki oqish) rangdagi kofta, soch turmaklangan, o‘ta qimmatbaho zeb-ziynatlarsiz)da yurishlari lozim.

15-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining mol-mulki va moliya-xo‘jalik faoliyati

99. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining faoliyatini moliyalashtirish belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
100. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga qo‘shimcha budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish budjetdan moliyalashtirish pasayishiga olib kelmaydi.
101. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi xodimlarining shtatdagi soni umumta’lim muassasasining namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi.
102. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi o‘z ustavida belgilangan maqsadlarga muvofiq doirada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
103. Ruxsat berilgan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining balansida hisobga olingan mol-mulk tarkibiga kiritiladi.

16-bob. Yakunlovchi qoidalar

104. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq ta’lim masalalari bo‘yicha xalqaro faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
105. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasini qayta tashkil etish va tugatish muassisning qarori bo‘yicha yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi.
106. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish o‘quv yili tamom bo‘lgandan keyin amalga oshiriladi. Bunda tegishli ta’limni boshqarish organi o‘quvchilarning ota-onalari yoki ota-onalarning o‘rnini bosadigan shaxslar bilan kelishuv bo‘yicha o‘quvchilarning boshqa ta’lim muassasasiga o‘tkazilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

***
Mazkur Ustav umumta’lim muassasasi Pedagogik Kengashning 2021 yil iyuldagi yig‘ilishida qabul qilingan (Bayon № 22).